TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Ko‘ksaroy qarorgohida 31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat xalqini milliy ayyom bilan tabrikladi.
Davlat rahbari mustaqillik g‘oyasi, istiqlol ruhi doimo tog‘dek tayanch bo‘layotgani ta’kidladi.
"Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni ko‘ra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib o‘tib kelmoqdamiz. Shu nuqtayi nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, g‘urur va sha’nimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa bo‘lib qoladi", – dedi prezident.
Keyingi yillarda taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yilayotgani, yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani qayd etildi.
“Keng jamoatchilik, el-yurtimiz barcha ijobiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va bunyodkoriga aylanmoqda”, – dedi u.
Prezident jahonda yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ro‘y bergan tabiiy va texnogen ofatlar joriy yilda jiddiy sinov bo‘lganini qayd etdi.
“Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, – deya ta’kidladi Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, bu yil respublikada birgina sanoat sohasida umumiy qiymati 11 milliard dollar bo‘lgan loyihalar ishga tushiriladi.
Shavkat Mirziyoyev qo‘shma dastur va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda pandemiya oqibatlarini yumshatish borasida ko‘rsatgan yordamlari uchun qator xalqaro jamg‘arma, bank va tashkilotlarga minnatdorlik bildirdi.
“Men turli sinov va kurashlarda toblangan, iymon-irodasi mustahkam xalqimizning aql-zakovati va azmu shijoatiga ishonaman. Mana shunday buyuk insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan, ayniqsa, bugungi sinovli kunlarda o‘zining matonati va hamjihatligi bilan chinakam jasorat ko‘rsatayotgan qahramon xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan bosh egib ta’zim qilaman”, – dedi davlat rahbari.