TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Namangan viloyatida firibgarikka qo‘l urgan fuqaroga nisbatan jinoiy ish ochildi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 25 yoshli I.M. 2019-yilning mart oyida Namangan shahrida 36 yoshli N.A.ning ishonchiga kirib, uning 10 ming dona transport vositasi ustiga osma g‘iloflarga xaridor topganligini aytgan. Ularni sotib pulini 10-15 kunda berishini aytib, har birini 20 dollardan kelishgan. Natijada jami 200 ming dollarlik osma g‘iloflarni olib ketib, sotib yuborgan. Pullarni esa o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan O‘zbekiston JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi ochilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.