TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Xitoy “O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining laboratoriyalarini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish uchun grant mablag‘lari ajratilishini ma’qulladi. Bu Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Loyiha O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlaridagi laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va texnik jihozlash hamda ularning xodimlarini zamonaviy laboratoriya-tahlil uslubiyotlariga o‘rgatishni nazarda tutadi.
Loyiha doirasida XXR hukumatining 2,9 mln dollar miqdoridagi grantlari hisobiga laboratoriya uskunalarini sotib olish ko‘zda tutilgan.
Laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish diagnostika tadqiqotlarining aniqligini va qishloq xo‘jaligi ekinlari kasalliklarining oldini olish choralarini samaradorligini oshirishga imkon yaratadi.
Shu bilan bir qatorda, eng yangi ishlanmalar va ekspress-uslublarning joriy etilishi hisobiga tahlillar va ekspertizalar natijalarini olishning yuqori tezkorligi ta’minlanadi, bu esa karantin osti mahsulotlari yuklangan transport vositalari uchun tegishli sertifikatlarni olish muddatlarini minimallashtirish imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda zarur uskunalarni tanlash, tegishli texnik hujjatlarni tayyorlash va yuklarni yetkazib berishning texnik parametrlari va shartlarini muhokama qilish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Laboratoriya uskunalari sotib olinganidan so‘ng, ularni o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish uchun xitoylik mutaxassislarning O‘zbekistonga tashrifi tashkil etiladi.