TOShKENT, 27 avg — Sputnik. Rossiyalik bloger Ilya Varlamov 25-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videointervyusida Qozog‘istondan O‘zbekistonga o‘tish chog‘ida chegara o‘tkazish punktlaridagi fuqarolar va ularning qo‘l yuklarini tegishli nazorat tartib-taomillaridan o‘tkazilishiga doir shaxsiy fikrlarini bildirib o‘tgan.
Ushbu malasa yuzasidan Davlab bojxona qo‘mitasi bayonot berdi.
"O‘rganishlar natijasida, bloger Varlamov Ilya Aleksandrovich so‘nggi 5-yilda O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi avtomobil o‘tkazish punktlari orqali umuman harakatlanmaganligi, faqatgina 2020-yil 9-fevral kuni tongi soat 05:10 da Rossiya Federatsiyasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri Samarqand aeroportiga uchib kelganligi va 10-fevral kuni mazkur viloyatdagi “Jartepa” chegara bojxona posti orqali Tojikiston Respublikasiga chiqib ketganligi ma’lum bo‘ldi.
“Jartepa” chegara bojxona postida ham ushbu shaxs soddalashtirilgan tartibda va tezkorlik bilan bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.
“Samarqand xalqaro aeroporti” va “Jartepa” chegara bojxona postlarida xizmat olib borayotgan xodimlar bilan ushbu shaxs o‘rtasida hech qanday tushunmovchiliklar kelib chiqmagan", - deyilgan qo‘mita ma’lumotida.
Bugungi kunda, barcha chegara bojxona postlari zamonaviy skaner qurilmalari bilan ta’minlangan bo‘lib, fuqarolar tomonidan olib o‘tilayotgan qo‘l yuklari va bagajlar tezkorlik bilan va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablari doirasida bojxona nazoratidan o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar uchun chegara bojxona postlarida alohida yo‘laklar ham tashkil etilgan.