TOShKENT, 26 avg - Sputnik. Agata Kristining "O‘nta negr bolasi" detektiv romani nomi o‘zgardi - endilikda Fransiyada asar "Ular o‘nta edi" nomi bilan sotuvga chiqariladi, deb xabar qiladi chorshanba kuni RTL radiostansiyasi muallif avlodi Jeyms Prichardga tayangan holda.
Kitobda hikoya qilingan voqealar avgust oyida o‘n kishi topilgan Negrlar orolida ro‘y beradi. Sujet davomida ular birin-ketin o‘ldiriladi, har bir o‘lim ortidan esa kichik negr bolalarining chinni haykalchalari yo‘qola boshlaydi.
"Kitob yozilgan vaqtda til boshqacha bo‘lgan, bugungi kunda unutilib ketgan so‘zlardan foydalanilgan. Kitobdagi voqealar Agata Kristi tomonidan yozilmagan hisobli she’rga asoslanadi. Men aminmanki, asarning original nomi hech qachon AQShda foydalanilmagan. Buyuk Britaniyada u 1980-yillarda o‘zgartirilgan, va bugungi kunda biz uni butun dunyo bo‘yicha o‘zgartirmoqdamiz", - deb aytgan Prichard.
Erkakning aytishicha, "kimdir u qo‘llagan so‘zlardan xafagir bo‘lsa", bu Agata Kristiga yoqmagan bo‘lardi.
"Biz kimgadir tegib ketadigan atamalarni qo‘llamasligimiz kerak - 2020-yilda o‘zimizni shunday tutmog‘imiz lozim", - deb qo‘shimcha qildi Kristining avlodi vakili.
Yangi nomga ega kitob allaqachon Fransiyada sotuvda paydo bo‘lgan.
Sal oldin afroamerikalik Jorj Floyd Minneapolisda politsiyachilar qo‘lida halok bo‘lgach, amerikaning ko‘plab shaharlarida protest va noroziliklar to‘lqini avj olgan edi. Odamlar qoratanli aholining rasizm va diskriminatsiyasiga qarshi noroziliklarni namoyish etdilar. Protestlar fonida qator ishlab chiqaruvchilar "irqchilikka" aloqadordek ko‘ringan mahsulotlar rebrendingini amalga oshirdilar. Shaharlar hukumatlari "irqchilik" alomatlari bo‘lgan ko‘chalar, metro stansiyalari va hattoki tog‘lar nomlarini o‘zgartirishmoqda. Ko‘plab shaharlarda irqchilikka aloqasi bo‘lgan yodgorliklar qo‘porilib tashlanmoqda.