TOSHKENT, 25 avg — Sputnik. Kecha Jenevada boʻlib oʻtgan brifingda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning maʼlum qilishicha, koronavirusga qarshi vaktsina ishlab chiqish va tarqatish boʻyicha “COVAX” xalqaro mexanizmiga 172 davlat qoʻshildi.
Ayni paytda JSST portfelida koronavirusga qarshi 9 ta vaktsina mavjud ekani aytilmoqda.
JSST va uning Yevropa mintaqaviy byurosining faol aʼzosi sifatida Oʻzbekiston ham tashkilotning koronavirusga qarshi emlash dasturiga qoʻshildi.
Tashkilot barcha vaktsina ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi. Ushbu mexanizm barcha aʼzo mamlakatlarning litsenziyalangan va tasdiqlangan vaktsinalardan teng foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.