TOShKENT, 21 avg - Sputnik. "O‘zbekneftgaz" AJning mas’ul xodimlari tomonidan 297,8 mln so‘mlik quvur va qora metallar talon-taroj qilindi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot-xizmati.
Xabarda aytilishicha, ushbu holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati Romitan tuman bo‘limi tomonidan "O‘zbekneftgaz" AJ Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.
Boshqarmaga qarashli Suv ta’minoti va kanalizatsiya sexi hamda hududiy uchastkalarning tovar-moddiy boyliklar bo‘yicha javobgar shaxslari - N.B. va B.U. o‘zlariga ishonib topshirilgan jami 297,8 mln so‘mlik quvur va ikkilamchi qora metallarni
talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan javobgar shaxs N.B. va B.U.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.