TOShKENT, 19 avg - Sputnik. Xitoylik shifokor va mutaxassislarning navbatdagi guruhi birgalikda profilaktika, epidemiya ustidan nazorat, COVID-19ni davolash bo‘yicha ma’lumotlar va tajriba almashish uchun Toshkentga yetib keldi, deb xabar qildi “Dunyo” AA.
"Xitoylik mutaxassislar respublika mintaqalaridagi turli tibbiy muassasalarga tashrif buyurib, COVID-19 epidemiyasiga qarshi kurashda o‘zbekistonlik shifokorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazadilar va kasallikning profilaktikasi, nazorati va davolash usullarini muhokama qiladilar", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, ular yaqinda Toshkent shahrida ochilgan O‘zbekiston-Xitoy an’anaviy tibbiyot markazida boshqa kasalliklar bilan og‘rigan fuqarolarga zamonaviy va an’anaviy davolash usullaridan foydalangan holda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatadilar.
Eslatib o‘tamiz, may oyida Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan telefon orqali suhbatlashdi. Davlatlar yetakchilari chuqur mamnuniyat va minnatdorchilik bilan koronavirus infeksiyasiga qarshi olib borilayotgan kurashning eng og‘ir davrida ko‘rsatilgan o‘zaro yordam va insonparvarlik yordamini alohida ta’kidlab o‘tdilar.