TOShKENT, 15 avg - Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan kelib tushayotgan davlat maktablarida yangi o‘quv yili qachondan boshlanishi, o‘quvchilar uchun o‘quv qurollari hamda maktab formasini xarid qilish masalalari yuzasidan savollarga javob berdi.
Xabarda qayd etishicha, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020-yilning 20-avgustidan boshlab buyum bozorlari hamda buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar faoliyatiga ruxsat berildi.
"Albatta o‘quv yili qachon boshlanishidan qat’iy nazar o‘quvchilar uchun o‘quv qurollari kerak bo‘ladi. Ota-onalarimizdan, bozor va do‘konlar ochilgani bilan, sanitariya qoidalari va ijtimoiy masofa saqlashlari, ayniqsa, farzandlari sog‘ligiga alohida e’tibor qaratishlarini so‘raymiz. Hozir hamma baravar bozorga borsa ijtimoiy masofa saqlash qiyin bo‘ladi, shuning uchun juda shoshilish, barcha xaridlarni maktabgacha amalga oshirish shart emas. O‘quv qurollari va kiyim-kechaklarni maktab boshlanganidan keyin ham olib berish mumkin, eng asosiysi o‘zingiz va farzandlaringizning salomatligini asrash!", - deyiladi xabarda.
Ayni damda o‘quv yilini boshlash yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga taklif kiritish bo‘yicha topshiriq berilgan. Davlat umumta’lim maktablari bo‘yicha Respublika Maxsus komissiyasining qarori yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
Avvalroq Xalq ta’limi vazirligi maktablar faoliyatini davom ettirish bo‘yicha 3 ta ssenariy taklif qilgani haqida xabar bergan edik.