TOShKENT, 13 avg - Sputnik. XHR TIV vakili Chjao Liszan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoni "siyosiy virus"ni, yolg‘onni tarqatishda va dalillarni buzib ko‘rsatishda aybladi, deb xabar beradi RIA Novosti.
Avvalroq, amerikalik diplomat o‘zining Chexiya Respublikasiga tashrifi chog‘ida, Xitoy hamma joyda biznesni nazorat qilishga intilayotgani va demokratiyaga Rossiyadan ko‘ra yanada ko‘proq tahdid solayotganini aytdi.
"Sovuq urush g‘oyalari va o‘zining shaxsiy manfaatlarini hisobga olib, Pompeo Xitoy Kommunistik partiyasini, shuningdek, XHRning ichki va tashqi siyosatini qayta-qayta asossiz ravishda tanqid qilmoqda. Xitoy bu borada bir necha bor o‘zining qat’iy pozitsiyasini bildirgan", - dedi Chjao Liszan.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Pompeo qayerga bormasin, o‘zi bilan "siyosiy virus" va "dezinformatsiya"ni olib yurib, tarqatadi. Pompeo va unga o‘xshaganlar "xalqaro hamjamiyatni aksil-xitoy va aksil-kommunizm aravasiga bog‘lab qo‘yishga" urinmoqdalar, ammo bunday urinishlar muvaffaqiyat qozonmaydi, dedi Liszan.
""Fursatdan foydalanib, OAVdan shu narsani so‘ramoqchi edim, janob Pompeodan qiziqib ko‘ringizlar, u kun ora yolg‘onni takrorlab, dalillarni rad etib yoki buzib ko‘rsatganida aybdorlik hissini tuymasmikin?", - dedi diplomat.