TOShKENT, 12 avg - Sputnik. Sirdaryo viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasi quriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining "Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Qarorga muvofiq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, "The International Company for water and power projects" (Saudiya Arabistoni) (Investor) va "Acwa Power Sirdarya" MChJ (Loyiha kompaniyasi) o‘rtasidagi Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya bitimi tasdiqlandi. Investitsiya bitimi u imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi (2020 yil 6-martda imzolangan).
Qaror bilan "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ va Loyiha kompaniyasi o‘rtasidagi Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim ma’qullandi. Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda faqat "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJga sotadi.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga, istisno tariqasida, quyidagi huquqlar beriladi:
kreditlash, chet el valyutasidagi mablag‘larni olish va ulardan foydalanish uchun chet eldagi xorijiy banklarda hisobvaraqlar ochish hamda respublikadagi hisobvaraqlaridan xorijdagi hisobvaraqlariga pul mablag‘lari o‘tkazish;
O‘zbekistonning tashqarisidagi xorijiy pudratchilar, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga to‘lovlarni O‘zbekistondagi bank hisobvaraqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish.
Loyiha doirasida samaradorligi 60 foizdan yuqori H/J sinfidagi eng zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari qo‘llaniladi. Elektr stantsiyasi yiliga 10 milliard kVt.s.dan ortiq elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, tabiiy gazning yillik tejash darajasi 2,0 milliard m3 dan oshadi.