TOShKENT, 11 avg — Sputnik. O‘zbekiston Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalarni o‘rganmoqda. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Rustam Ikromov ma’lum qildi.
“Ayni kunlarda Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilyapti. Bugun ham Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan vaksinaning qo‘llanish jarayoni va samarasi xususida xitoylik va o‘zbek mutaxassislari videokonferensiya orqali fikr almashdi”, - dedi u.
Shuningdek, Ikromov bu muzokaralar natijasidan kelib chiqqan holda mamlakatda vaksinani qo‘llash darajasi hukumatga ma’lum qilishini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevga vaksina xarid qilish va mamlakat aholisini emlashni amalga oshirish yo‘llarini puxta o‘rganib chiqish topshirig‘ini bergan edi.
Bugun Rossiyada dunyodagi koronavirusga qarshi birinchi vaksina ro‘yxatga olindi va u “Sputnik V” deb nomlandi.