TOShKENT, 11 avg - Sputnik. Yo‘l qurilishi sohasida O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi tashkil etiladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Transport vazirligi axborot xizmati.
Bu haqda "Papenburg Uzbekistan" O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va "GP Gunter Papenburg AG" kompaniyasi (Germaniya) o‘rtasida O‘zbekistonda yo‘l qurilishi uchun asfalt-beton qorishmalar, tayyor beton buyumlar ishlab chiqarish, shuningdek, Germaniya texnologiyalari va asbob-uskunalarini qo‘llagan holda, qurilish-montaj ishlarini bajarish bo‘yicha mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi "Papenburg Uzbekistan" qo‘shma korxonasi tashkil etiladi.
Qo‘shma korxona ustav fondi 30% - qo‘mita tarkibidagi "Transyo‘lqurilish" DUKning O‘zbekiston Markaziy bankining kursi bo‘yicha o‘tkazilgan 1 714 286 yevro, 70%i - "GP Gunter Papenburg AG"ning Papenburg International GmbH kompaniyasi bir yil davomida o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan kamida 4,0 million yevro miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobiga shakllantirilgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga qo‘mitaning buyurtmanomalariga binoan loyihani amalga oshirish doirasida O‘zbekistonga jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga, shuningdek, ularning oila-a’zolariga kirish vizalarini rasmiylashtirish vazifasi yuklatilgan.