TOShKENT, 10 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoni Belarus prezidenti saylovida erishgan ishonchli g‘alabasi bilan qutladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
“Davlatimiz rahbari o‘z maktubida saylovchilar ishtirokining yuqori darajasi va ovoz berish natijalari Belarus xalqining Aleksandr Lukashenkoga bo‘lgan ulkan ishonchini va birdamligini, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan samarali islohotlar davom ettirilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlayotganini yana bir bor namoyon etganini qayd etdi”, - deyilgan xabarda.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ikki tomonlama munosabatlarni aniq mazmun – iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya bo‘yicha muhim loyihalar va gumanitar almashinuvga oid dasturlar bilan boyitishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston yetakchisi Aleksandr Lukashenkoga mustahkam sog‘lik, farovonlik va yangi zafarlar, do‘st Belarus xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.