TOShKENT, 8 avg — Sputnik. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga yangi turdagi COVID-19 koronavirusi bor-yo‘qligini aniqlash uchun saralash metodi bilan test o‘tkazishga rozilik berdi, deb xabar qildi BSST Yevropa mintaqaviy burosi direktori Xans Klyuge.
"Bugun men va (BSST bosh direktori ) Tedros Adxanom Gebreyesus Turkmaniston prezidenti bilan mamlakatdagi COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan uchrashuv o‘tkazdik. BSST COVID-19siz kechayotgan pnevmoniya holatlari ko‘payib borayotganidan tashvishdaligini bildirdi va tashkilot xodimlari mamlakatda COVID-19 bor-yo‘qligini aniqlash uchun mustaqil ravishda tahlillarni yig‘ib, ularni BSSTning referent laboratoriyalariga yuborish taklifi bildirildi. Prezident rozi bo‘ldi", - deb yozgan Klyuge Facebookdagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, sal oldin Turkmaniston prezidenti, BSST bilan o‘tkazilgan onlayn-muzokaralar davomida koronavirus genomini o‘rganish bo‘yicha BSSTning maxsus dasturini tayyorlash taklifini bildirgani haqida xabar qilingan edi. Berdimuhamedovning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19ga doir qator o‘z yechimini topmagan masalalar mavjud, xususan, uning kelib chiqishi, tarqalish yo‘llari va mutatsiya kabi.
Hukumat xabariga ko‘ra, Turkmanistonda yangi turdagi koronavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan. Shunga qaramay, mamlakatda niqob rejimi va servis, savdo hamda stransport sohasidagi faoliyat turlariga qator cheklovlar joriy etilgan.