TOShKENT, 7 avg - Sputnik. Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva koronavirus pandemiyasi tufayli O‘zbekistonda kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinishini ma’lum qildi.
"Hozirgi qiyinchiliklar albatta o‘tadi. Pandemiya ham barham topadi. Biroq kelgusida bu kabi qiyinchiliklar bo‘lmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi. Shunday ekan, barcha sohalardagi tartib-taomillarni mana shunday sharoitlarga moslashtirishimiz zarur deb hisoblaymiz. Endilikda karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi keng targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimiz, kasallikka chalinganlarni ishlab chiqilgan protokollar asosida davolash bilan birga normal hayotga qaytarishimiz, ya’ni iqtisodiyotimizni rivojlantirishimiz zarur", - dedi Narbayeva.
Narbayevaning ta’kidlashicha, bunda ayniqsa qonunlarni takomillashtirish birinchi galdagi vazifa hisoblanadi. Shu bois, Narbayevaning aytishicha, koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan muammolardan kelib chiqib amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun Senat huzurida ishchi guruh tuzilgan.
"Senatorlar, vazirlik va idoralar vakillari ekspert-olimlardan iborat mazkur ishchi guruh tomonidan tahlillar olib borilib, tegishli takliflar ishlab chiqilmoqda. Mazkur yo‘nalishda barcha davlat va nodavlat tuzilmalar, ilmiy va ishbilarmon doira vakillari, fuqarolar, hullas jamiyatning barcha faol a’zolari o‘zlarining taklif-mulohazalarini bizga berishsa juda ham yaxshi bo‘lardi", - deb qayd etdi Senat raisi.