TOShKENT, 4 avg — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov karantin qanday sharoitda bekor qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Xabaringiz bor, navbatdagi karantin davri 15-avgustgacha uzaytirilgan. Biz ma’lum darajadagi plato chizig‘iga, barqarorlikka erishishimiz, kelgusida kasallanishlar holatini kamaytirishimiz va karantin cheklovlarini bekor qilishimiz uchun hozirgi vaqtda o‘rnatilgan cheklovlarga amal qilishda davom etishimiz kerak”, – dedi Abduhakimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
U fuqarolar tibbiyot niqoblarini pastga tushirib olmay to‘g‘ri taqishlari, antiseptiklardan foydalanishlari va ijtimoiy masofa saqlashlari muhimligini ta’kidladi.
“Mana shu 15 kun ichida barcha talablarga qat’iy rioya eta olsak, u holda mazkur muddat tugagach, mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, hozirgi cheklovlarni olib tashlashimiz mumkin bo‘ladi”, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibullo Oqilov oldinda turgan ikki hafta davomida kasallanish sur’ati pasayishi qayd etilsa, karantinni yumshatsa bo‘ladi degan fikrni bildirgan edi.