Larisa Pavlova 1980 yildagi Olimpiya termasidagi oʻzbekistonlik yagona voleybolchi edi. Koʻp yillar davomida u "Avtomobilist"da oʻynadi, keyinchalik esa sport mutasaddisi sifatida ishladi.
Olimpiada yilidagi “Miss Voleybol”
Boʻlgʻusi chempion oʻspirinligida katta opasidan oʻrnak olib, voleybol oʻynashga qiziqdi. Opasi bir payt mahalliy "Spartak" jamoasida oʻynagan va sport ustasi darajasigacha koʻtarilgan. Keyin turmushga chiqib oʻyin maydonini tark etdi. Larisa esa sevimli voleyboliga koʻp yillarini bagʻishlab unda ajoyib natijalarga erishdi.
60-chi yillarning oxirida, Pavlovlar oilasi Saxalin viloyatidan Toshkentga koʻchib oʻtishganida, Larisa mahalliy "Avtomobilist" ayollar jamoasida oʻynay boshladi. Olimpiadagacha boʻlgan oʻn yilikda jamoa eng yaxshi natijalarga erishgan. Uning tarkibida Pavlova voleybol boʻyicha SSSR kubogini qoʻlga kiritdi. Talaba boʻla turib, u 1977 yilgi Butunjahon yozgi Universiadasida gʻalaba qozondi. Umidli sportchi Ittifoq darajasida koʻzga tashlandi.

"Davroqe, Olimpiada oldidan turne paytida menga ikki marta "Miss Voleybol" sifatida tanlashdi. Bu podium uzra yurish talab etiladigan va ijodiy chiqishlar qilinadigan klassik goʻzallik tanlovi boʻlmagan. Ommaviy tanlovsiz baholashardi – balkim, tashqi koʻrinishi va xarizma boʻyicha. Bu unvon menga SSSR chempionatida berildi,. keyin Ruminiyadagi turnirda va men bunday hushomad haqida bevosita mukofot topshirish marosimidan oldin bilganman", - deb eslaydi Larisa.
Olimpiya oʻyinlariga tanlashayotganda nazorat-meʼyor guruhlari har bir oʻyinchi boʻyicha maʼlumotlarni mavsum davomida qayd qilishgan: voleybolchi nechta gol urdi? u qanday uslublardan foydalanadi? qanday xatolarga yoʻl qoʻyadi? Ushbu hisobotlar natijalariga koʻra SSSR terma jamoasi murabbiylar kengashi asosiy jamoada kim oʻrin egallashga loyiqligini qaror qilgan.

"Yetakchi oʻyinchilar doim koʻzga tashlanib turishadi va mening imkoniyatim borligini bilardim. Ammo Olimpiya mavsumi boshlanishidan oldin hammasi shubha ostida edi. Sovet voleybolchilarining tarkibi asosan mashhur “Uralochka”dan (Rossiyada eng nomdor Yekaterinburg ayollar jamoasi-tahr.), Ukraina va Belarus jamoalaridan tashkil topgan edi. Ammo men, kamtar bir oʻzbek qizi Olimpiadani orzu qilar edim. Buning ustiga, menda oʻz respublikamdan muvaffaqiyatli chiqqan voleybolchi - ikki karra Olimpiada chempioni (1968 va 1972 yillar)Vera Duyunovaning jonli namunasi bor edi", - deb eslaydi Pavlova.

SSSR olimpiya terma jamoasining tarkibi oʻyinlardan bir yarim oy oldin Sverdlovsk viloyatidagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinida qabul qilindi. Mamlakat sharafini himoya qilish "Uralochka"dan sakkizta, TSSKAdan uchta va oʻzbekistonlik iqtidorli voleybolchi qiz - Larisa Pavlovaga ishonib topshirildi.
Koʻp millatli muxlislar va murabbiyning sehrli nasihati
Shunday qilib, 1980 yil iyul oyida Olimpiadaning barcha sportchi-qatnashchilari Olimpiya shaharchasiga joylashdilar. Umumiy bayram hissi barcha oʻyinlar davomida tark etmadi. Sovet sportchilari hammadan koʻproq Bolgariyalik hamkasblari bilan muloqot qilishdi - yaxshiyamki, tillar juda oʻxshash. Ayniqsa Pavlova dastlabki nazorat oʻyinlaridagi yaponiyalik muxlislarni eslab qoldi. Oʻsha paytda ham ularda sahnaga sportchilarga sovgʻa sifatida oʻyinchoqlarni tashlash odat edi.
Har kuni Olimpiya shaharchasida milliy tadbirlar, kontsertlar, diskotekalar, kino namoyishlari oʻtkazilardi. Sovet estradasining barcha yulduzlari shu yerda edi.

"Ayniqsa hotiramda, xalq artisti Gennadiy Xazanov bilan boʻlgan uchrashuvlar qolgan: u Oʻyinlar timsoli edi va u har kuni rafiqasi Zlata bilan birga kelar edi. Ammo biz madaniy dasturlarda koʻp ishtirok etmadik. Toʻgʻri, murabbiyimiz bizga buni taqiqlamagan, biz butun jamoa bilan chalgʻimaslikka qaror qildik. Biz faqatgina boʻlajak oʻyinlarni oʻylar edik, oʻz formamizni saqlashga harakat qildik. Oʻyinlar ishtirokchilariga barcha tomoshalar bepul boʻlgan, bizni hatto Katta teatrga ham taklif qilishgan. Ammo biz katta maqsadimizga erishishni koʻngilhushliklardan afzal koʻrdik”, - deydi sportchi.
Voleybolchilar jamoasining qoʻshnilari basketbolchilar edi, qizlar doim bir-biridan igna va iplarni olib turishardi, oʻyinchilar raqamlari va gerblarini tikishda yordam berishardi.
Lujnikidagi Olimpiya bayrami ochilish marosimi bilan boshlandi. Barcha jamoalar navbatma-navbat stadionga chiqib kelib, sharaf aylanasidan yurib, keyin alfavit tartibida saflanishgan. "Tribunalarda - SSSRning butun rahbariyati. Bunday odamlar sizga mehr bilan qoʻl siltashini koʻrish juda yoqimli edi", - deb eslaydi Pavlova.
Uy olimpiadasida Sovet milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Nikolay Karpol ("Uralochka"ning uzoq yillik murabbiyi - tahr.) edi. Voleybolchi har bir oʻyin oldidan u yigʻilishlarni qanday oʻtkazganini eslaydi, kim, qayerda turishini va nima qilishini tushuntirardi. U qizlarga raqib jamoaning zaif tomonlarini izlash va toʻpni ular yomonroq qilayotgan tomonga yoʻnaltirish muhimligini oʻrgatardi. U kombinatsiyalangan strategiyani talab qilardi: undagi asosiysi - bu bogʻlovchi oʻyinchi, u pasni qayerga uzatish yaxshiroqligini koʻrishi kerak.
"Nikolay Vasilyevich bilan ishlash juda qiziq edi. U doim, ayniqsa vatanimiz yuragidaligimiz uchun ham gʻalaba qozonishimiz kerakligini aytardi. Albatta u bizga baqirardi, lekin bu murabbiyga mumkin. Ammo baʼzida shunday ham boʻlardiki, biz charchaganmiz, kuchimiz ketgan ... Nikolay Vasilyevich esa shunchaki aytib qolardi: "Qizlar, safga turing!" ... Va boʻldi, shu zahotiyoq qayerdandir quvvatimiz oshib, kuch kelib va biz kurashishga shay turardik", - deydi Olimpiada chempioni.

Voleybol jamoaviy oʻyin boʻlib, unda jamoaning har bir aʼzosi hamma uchun masʼuldir.Hamma yahlit monolit boʻlishi kerak, bir-birini yarim nigohdan tushunishi kerak. Bunda nafaqat taktika, kombinatsiyalar, aqlli uzatmalar va toʻp qabul qilishlari, balki chidamlilik ham zarur.
"Menimcha, voleybol eng zakovatli oʻyinlardan biridir. Bunda jamoa bilan birgalikda oʻylab, bir onda qaror qabul qilish juda muhim. Olimpiada bizda shunchalik ishtiyoklar jumbushga kelganki, uni umr boʻyi eslaymiz. Raqobatchilarimiz jiddiy edi, ayniqsa Germaniya va Peru jamoalari. Biz hammamiz kamon oʻqiday edik. Biz birga oʻq otdik va gʻalaba qozondik", - deydi mahrurlanib Larisa Mixaylovna.
U koʻzlarida yosh bilan, boʻynidagi munosib oltin medal bilan shohsupada turganidagi his-tuygʻularini eslaydi: madhiya yangramoqda, ulkan stadion tomoshabinlari jilmayishib quvonishmoqda, butun jamoa xursand, murabbiy yigʻlab kulib turipti.
"Buni soʻz bilan ifodalash qiyin. Lahza hisslarini tushunish uchun boshdan kechirish kerak. Tuygʻular haddan tashqari koʻp, sen vataning sharafini himoya qilganingdan magʻrurlanib ketayapsan. Demak, shuncha yillik mehnatlaring zoye ketmagan. Hozir ham uzoq oʻtmishga shoʻngʻib, ovozim titrayotganini his qilyapman. U yerda, Moskvada biz bitta jamoa edik", - deb tan oladi Pavlova.
Gʻalabadan keyinla Larisa Mixaylovna Toshkentga uchib ketdi. Uni eri va kichkina qizi kutishardi, ular uchun chempion davom etayotgan oʻyin-kulgini qurbon qilishga qaror qildi. Pavlova respublikaga oʻzining hamkasbi- suv polochisi Erkin Shagayev (u ham oʻz turida gʻolib boʻlgan) va chim ustidagi xokkeychilar bilan birga keldi. Oʻz ona yurti shon-sharafini ulugʻlagan yangi gʻoliblarni aeroportda gullar va samimiy soʻzlar bilan kutib olishdi. Ularning sharafiga yana SSSR madhiyasi yangradi.
Tribunadagi sport va Atlantadagi yangi debyut
Larisa Mixaylovna oʻz sport faoliyatini 1983 yilda tugatdi va tan olishicha, avvaliga yangi hayotiga qiyin moslashgan.
"Sportchi - bu bolaligidanoq halollik va munosib oʻyin, tamoyillarni hurmat qilish oʻrgatiladigan maxsus millat. Undan keyin diplomat boʻlish, biznes bilan shugʻullanish qiyin. Menga bolalar sport maktabini birdaniga bir nechta yoʻnalish boʻyicha boshqarish taklif qilingan: tennis, kamondan oʻq otish, oʻq otish va hokazolar. Murabbiylar bilan teng sharoitda muloqot qilish uchun har bir sport turlari xususiyatlarini kechalari bilan oʻrganib chiqqanim esimda. Men doim shunday tamoilga amal qilaman: Olimpiada chempioni hamma narsani bilishi shart, shunda u yangi lavozimida obroʻga ega boʻladi. Va haqiqatda, men birinchi murabbiylik kengashimni muvaffaqqiyatli oʻtkazdim", - deb eslaydi Pavlova.
Keyinchalik u Davlat sport qoʻmitasining boʻlimlaridan birida ishladi, Ittifoq parchalanganidan keyin esa koʻp yillar davomida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining vitse-prezidenti lavozimini egallab, har yili sportning turli xil turlari: suzish, boks, qilichbozlik, yugurish musobaqalarini tashkil etishga yordam berdi.
Butun respublika uchun juda muhim loyiha - "Paxtakor" jamoasi xotirasiga bagʻishlangan futbol musobaqasi (1979 yilda aviahalokatda klubning deyarli butun tarkibi fojiali tarzda halok boʻlgan). Tadbir MOQ shafeligida bolalar sport oromgohlarida oʻtkaziladi. Hozirda Larisa Pavlova MOQning faxriy aʼzosi, shuningdek, Toshkent voleybol federatsiyasi raisining oʻrinbosari.
Voleybolchining hayotida yana bitta Olimpiya oʻyinlari boʻlgan - 1996 yilda Atlantada. Larisa Mixaylovna u yerga ishchi guruhi tarkibida mutasaddi sifatida borgan.
"Agar siz oʻzingiz musobaqada qatnashmayotgan boʻlsangiz-da va uni shunchaki tomosha qilsangiz, u butunlay boshqacha his qilinadi. Bir tomondan, men jamoamiz aʼzolariga yordam berishim kerak edi, ularni yaxshi kayfiyatga yetaklashim kerak edi. Kimgadir mehr bilan, kimgadir qattiqroq munosabatda boʻlish kerak edi – bu sportchining hissiy holatiga bogʻliq edi. Xuddi biz bilan bir payt Moskvada boʻlgani kabi. Oʻsha Oʻyinlarda men turli mamlakatlar madaniyatidan yaxshigina zavqlandim: ularning har biri oʻzlarining etnik xususiyatlarini namoyish etishgan va men ularni erkin muhitda koʻrishimga imkon boʻldi. Ayniqsa, sportchilarni qoʻllab-quvvatlashga kelgan Oʻzbekistonning raqs guruhlari va yetakchi xonandalarimiz esda qolishdi", - Pavlova oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
Oʻsha yili Oʻzbekiston terma jamoasi suveren davlat sifatida birinchi marta barcha sport turlari boʻyicha chiqish qildi. Sobiq sportchi oʻzining milliy musiqasini boshqa qitʼada jonli ravishda tinglashdan va bolalikdan koʻngilni iliqlaydigan raqslarni tomosha qilishdan xursand boʻlgan.
"Menda 1980 yilda qolib ketgan his-tuygʻular qisman qaytdi, ammo adrenalin va oʻz gʻalabamdan baxtiyorlik yoʻq edi. Ishtiyoqlarning shiddati boʻyicha Moskva Olimpiadasi men uchun qadrliroq", - deya iqror boʻladi chempion.
Atlantadagi Oʻyinlardagi faoliyati uchun Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov Pavlovani "Sogʻlom avlod uchun" ordeni bilan taqdirladi.
Oilaviy quvonch va adabiy rejalar
Larisa Mixaylovnaning qizi Yelena ham Qozogʻiston tarixidagi eng muvaffaqiyatli voleybolchilaridan biri boʻldi. Voleybolchi qiz Yevropaning eng yaxshi klublarida oʻynadi, uning turmush oʻrtogʻi Asxat Jitkeyev esa dzyudo boʻyicha Olimpiada oʻyinlarining kumush medali sovrindori. Jitkeyevlar Olma-Otada yashaydilar va toʻrt farzandni tarbiyalamoqda. Darvoqe, ular sport sulolasini davom ettirmoqdalar: katta qizi tennis, oʻgʻli dzyudo va futbol bilan shugʻullanadilar. Larisa Mixaylovna tez-tez qarindoshlarinikiga borib turadi. Aynan karantin vaqtida, ishda tanaffus boʻlganida, u Qozogʻistonga ketdi. Mashhur boʻlishiga qaramay, u hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham roʻyxatdan oʻtmagan - u oʻzini nabiralariga bagʻishlashni, ularga donoligi va kuchini berishni afzal koʻradi.

U Olimpiadadan necha yillar oʻtib ham, Yaponiyaga safari paytida uni tanishganini eslaydi.
"Bu mamlakatda Olimpiya chempionlariga hurmat juda boshqacha. Biz qizim oʻynagan mahalliy jamoaning taklifiga binoan keldik. Biz sport majmuasi boʻylab aylanib yurgan edik, toʻsatdan hamrohlik qilayotgan tarjimon: "Larisa-san, ana u yerdasiz!", dedi va bizning SSSR terma jamoamizning Yaponiyaga safari paytida olingan fotosuratlari qoʻyilgan stendga ishora qildi", - deydi Pavlova.
Endi Olimpiya chempioni xotiralarini yozishni orzu qilmoqda.
"Koʻpchilik tanishlarim aytishyapti, chunki mening tajribam boy, taniqli odamlar bilan koʻp uchrashganman. Hayot voqealarga boy, koʻp narsaga oʻrgatgan. Masalan, bir payt men tugʻrisoʻz va bir soʻzli edim, bunga odamlar xafa boʻlishardi. Vaqt oʻtishi bilan men diplomatiyaga oʻrgandim, yaʼni odamga garchi u unga zid boʻlsa ham, oʻz fikrimni yetkazim, lekin shu bilan birga u odam bilan yaxshi munosabatda qolishni. Bugungi kunda, 70 yoshimda, men koʻp narsalarga boshqacha qarayman", - xulosa qiladi Larisa Mixaylovna.
Sport, va hususan voleybol, nafaqat formani saqlashga, balki oʻzaro munosabatlarni, aniq rejalarni shakllantirishga va pirovardida rejalashtirilgan maqsadga erishishga yordam beradi.