TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Azimjon Asqarovning rafiqasi, o‘g‘li va boshqa oila a’zolarining uning O‘zbekiston hududida dafn etilishi haqidagi murojaatiga binoan Qirg‘iziston tomoni bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
O‘zaro muzokaralar natijasi bo‘yicha Asqarov oila a’zolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning talablarini qanoatlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, Azimjon Asqarov Qirg‘izistonning huquq himoyachilaridan biri edi. U 2010-yil 15-iyun kuni Qirg‘iziston janubidagi millatlararo nizo vaqtida qo‘lga olindi, 15-sentabrda esa umrbod qamoq jazosiga mahkum qilindi.
Azimjon Asqarov 25-iyul kuni vafot etdi.