Qizlar orasidagi erta tug‘ruq holatlari 34 foizga kamaydi – XTV

Obuna bo‘lish
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 11-yillik ta’lim tizimiga o‘tilishi qizlar orasidagi erta tug‘ruq holatlarini 34 foizga kamayishiga sabab bo‘lgan.

TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. 11-yillik ta’lim tizimiga o‘tilishi qizlar orasidagi erta tug‘ruq holatlarini 34 foizga kamayishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlar o‘rtasidagi erta tug‘ruq holatlari 2017-yildan boshlab 11-yillik umumta’lim tizimiga o‘tilishi bilan erta tug‘ruq holatlarining soni pasayishi kuzatilgan. Misol uchun 2016-2017 yillar davomida 15-17 yoshdagi qizlar o‘rtasida jami 429 tug‘ruq holati qayd etilgan bo‘lsa, 2018-2019 yillar davomida ushbu ko‘rsatkich 34 foizga kamayib, 284 tani tashkil qilgan.

Erta tug‘ruq holatlari sodir etilishi ko‘rsatkichining kamayishi holatini umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan qizlar soni nisbatiga taqqoslaganda ham ko‘rish mumkin:

  • 2017 yilda Xalq ta’limi tizimida tahsil olayotgan har 12995 nafar qizga 1 ta tug‘ruq (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0076%);
  • 2018 yilda tizimda tahsil olayotgan har 15169 nafar qizga 1 ta tug‘ruq (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0066%);
  • 2019 yilda tizimda tahsil olayotgan har 23666 nafar qizga 1 ta tug‘ruq to‘g‘ri kelgan (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0042%).

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda xalq ta’limi tizimida manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda voyaga yetmaganlar orasida erta tug‘ruq holatlarini oldini olish maqsadida “Mustahkam oila”, “Ahil oila”, “Hayotga qo‘shil”, “Ijobiy fikrlashni o‘qitish” kabi targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda 15 yoshgacha bo‘lgan o‘spirin qizlarda kamida 777 000 ta tug‘ruq holati qayd etilgan. O‘smirlarning homiladorligi qashshoqlik, ta’limning past bo‘lgan cheklangan aholi guruhlarida ko‘proq uchraydi. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi 20-yil ichida o‘smirlarning tug‘ruq darajasi dunyo bo‘yicha 11,6 foizga pasaygan. Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha hududlar o‘rtasida katta farqlar mavjud. Masalan, o‘smirlar o‘rtasida tug‘ilish darajasi Sharqiy Osiyoda 7,1, Markaziy Afrikada esa 129,55 ga yetadi. AQSh, Rossiya, Afrika davlatlari, Osiyo va Yevropaning ayrim davlatlarida 15-17 yoshdagi qizlar o‘rtasida erta tug‘ruq holatlari o‘rtacha har 10 000 nafar qizdan 50-100 tasida uchraydi.

Yangiliklar lentasi
0