TOSHKENT, 28 iyul — Sputnik. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2020/2021 oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishini koʻchirish (tiklash) istagini bildirgan fuqarolarga murojaat qildi.
Xabarda yozilishicha, qabul qilingan aksariyat hujjatlar quyidagi sabablarga koʻra kamchiliklarni toʻgʻrilab qayta yuborish uchun qaytarilmoqda:
- pasport nusxasi (doimiy yashash manziliga roʻyxatga qoʻyilgan beti bilan birga) toʻliq yoki sifatli yuklanmagan (zero oʻqishni koʻchirish toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqishda talabaning doimiy yashash manzili asoslovchi sabablardan biridir);
- OTMda oʻqiyotganlik (oʻqiganlik) toʻgʻrisidagi belgilangan shakldagi hujjat (akademik maʼlumotnoma yoki reyting daftarchasi yoki transkript) nusxasi toʻliq yoki sifatli yuklanmagan;
- oʻqigan (oʻqiyotgan) OTM yoki taʼlim yoʻnalishi nomi toʻliq kiritilmagan;
- mavjud boʻlmagan OTM yoki taʼlim shakli yoki taʼlim yoʻnalishiga koʻchirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtilgan.
Fuqarolardan yuqoridagi holatlarni inobatga olishlari va kamchiliklarni toʻgʻirlab qayta joʻnatishlari soʻralgan.
Vazirlik roʻyxatdan oʻtgan fuqarolardan oʻzlarining shaxsiy kabinetlariga kirib (roʻyxatdan oʻtishdagi login va parol orqali) arizalarining koʻrib chiqilish holatlarini doimiy kuzatib borishlarini ham soʻrab qolgan.
Taʼkidlash joizki, oʻqishni koʻchirish (tiklash) boʻyicha roʻyxatdan oʻtishning soʻnggi kuni 2020 yil 5 avgust.