TOSHKENT, 28 iyul - Sputnik. Samarqand xalqaro aeroportida Sankt-Peterburgdan kelgan yurtdoshlarimizni kutib olindi, deb xabar qilmoqda Uzbekistan Airports.
"26 iyul kuni soat 21:56da "Sankt Peterburg - Samarqand - Toshkent" yoʻnalishidagi Boing-787 rusumli havo kemasi Samarqand xalqaro aeroportiga qoʻndi. Charter reys orqali 274 nafar yurtdoshlarimiz manzilga xavfsiz yetib keldi", - deyilgan xabarda.
Respublika Maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan tartibga koʻra, Sankt-Peterburgdan kelgan barcha fuqarolar avtobuslarda Samarqanddagi Kimyogarlar shaharchasida yangi qurilgan karantin muassasasiga joylashtirilgan.

Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligiga koʻra, bugungi kunda Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyati olib borayotgan 80 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuarolari vataniga qaytish uchun roʻyxatga yozilgan. Ayni damda karantin choralari kuchaytirilishi munosabati bilan cheklangan miqdorda charter parvozlar amalga oshirilmoqda. Rossiyada doimiy parvozlar tiklanishi 1 sentyabrdan kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat keskinlashuvi tufayli karantin cheklovlari muddati 15 avgustga qadar uzaytirilgan edi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 21500dan oshgan. Oʻtgan tun davomida 300 yaqin yangi bemor aniqlangan.
