TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. O‘zbekiston va Eron joriy yilning ikkinchi yarmida rejalashtirilayotgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini boshlashga qaror qildi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzakov va Eron iqtisodiy masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Muhammad Nahavandian bilan videokonferensiya orqali muzokaralarida ma’lum qilindi.
Muloqot chog‘ida Qishloq xo‘jaligi, elektroenergetika, kimyo va neft-kimyo sohalarida sanoat kooperatsiya qilishga bo‘lajak o‘zbekistonlik va eronlik hamkorlarni faol jalb etishga kelishib olindi.
Erondagi “Kish”, “Chobahor”, “Aras” erkin iqtisodiy zonalari va O‘zbekistondagi “Navoiy” va “Angren” EIZlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi asosida muvaffaqiyatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi.
Suhbat davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlar ko‘rib chiqildi. O‘zaro savdo hajmini oshirish uchun bir qator shart-sharoitlar xususan, ikki mamlakatning jo‘g‘rofik jihatdan yaqinligi va rivojlangan transport infratuzilmasining mavjudligi ta’kidlandi.
1993 yilda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida imzolangan “Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim”ning yangi tahririni ishlab chiqish va tasdiqlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, ikki mamlakatning tranzit salohiyatidan yanada samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratish va Eron va O‘zbekistonni bog‘lovchi transport yo‘laklari orqali yuk tashish hajmini oshirish maqsadida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida joriy yilning ikkinchi yarmida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Eron hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini boshlashga qaror qilindi.
Muhokama etilgan hamkorlik yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ishchi guruh a’zolari Eron tomoni bilan erishilgan kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishning o‘ziga xos mexanizmlarini nazarda tutuvchi birgalikda amalga oshiriladigan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi.