TOShKENT, 23-iyul - Sputnik. O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari-Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Borde JB va mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Video-konferensiya orqali o‘tgan uchrashuvda Moliya vaziri Timur Ishmetov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Shuhrat Vafayev, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli hamda O‘zbekiston hukumati va Jahon bankining boshqa vakillari ishtirok etdi.
"Janob Qo‘chqorov va boshqa rasmiylar bilan samarali muloqot bo‘lib o‘tdi. Biz odamlarning hayotini saqlab qolish va koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini umshatish uchun hukumatning inqirozga qarshi chora-tadbirlarini muhokama qildik. O‘zbekistonda qambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi strategiyani ishlab chiqish, shuningdek, hukumatning inson kapitali va fuqarolarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga investitsiya qilishni davom ettirish rejalari haqida ma’lumot berishdan mamnunman", - dedi Anna Borde uchrashuvdan so‘ng.
"Pandemiya natijasida yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, Davlat hukumati qishloq xo‘jaligidagi, davlat korxonalarini boshqarish, bank sektori va boshqa ustuvor sohalardagi tarkibiy islohotlarni davom ettirishga bo‘lgan qat’iyatini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bundan oldin amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar bugun O‘zbekistonga inqirozni bartaraf etishga yordam berapti. Jahon banki O‘zbekistonda keng iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda moliyaviy-texnik yordam ko‘rsatishni davom ettiradi!",- deb qo‘shimcha qildi Borde.
Bir muddat oldin Jahon banki O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish uchun 500 million dollar ajratishi haqida xabar bergan edik.