TOShKENT, 23-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida T-64 tankini takomillashtirish mamlakat mudofaa-sanoat kompleksi (MSK) korxonalari bazasida amalga oshiriladi, deb xabar beradi respublika Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.
“Mudofaa vazirligi qo‘shinlaridagi mavjud T-64 tanklarini T-64MV darajasigacha takomillashtirish, keyinchalik qo‘shinlarni qayta jihozlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, - deyilgan xabarda.
Davlat qo‘mitasining xabar berishicha, T-64ning tajribali takomillashtirilishi Mudofaa vazirligining zirhli texnika ta’mirlash zavodining ishlab chiqarish bazasida amalga oshirilgan. Xususan, tankdagi 5TDF dvigateli V-shaklidagi V-84 dvigateli bilan almashtirildi, bu uning quvvatini 140 ot kuchiga oshirishga va tankni har qanday tabiiy to‘siqlarni yengib o‘tish uchun moslashtirishga imkon berdi.
Tank korpusi qo‘shimcha zirhlar bilan mustahkamlandi, dinamik himoya qutilari va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi Hytera raqamli radiostansiyalari o‘rnatildi.
“Sinov natijalariga ko‘ra, T-64MV tanki ba’zi texnik xususiyatlar bo‘yicha T-72 tankidan qolishmaydi. Shuni ta’kidlash kerakki, rivojlangan davlatlar ham yangilarini sotib olish o‘rniga o‘z armiyalari tarkibidagi mavjud tanklarni takomillashtirish tamoyilini ilgari surmoqda”, - deya qo‘shimcha qilishdi idorada.
Avvalroq, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi mahalliy Tarlon yengil zirhli mashinasini ishlab chiqarish boshlanganini e’lon qilgandi. U “Kranlar va maxsus texnika” MChJ bazasida olib borilmoqda. Zirhli mashina shaxsiy tarkibni tashish, mobil guruhlari va nazorat punktlarini jangovar qo‘llab-quvvatlash, jangovar qo‘riqlash va xavfsizlikni ta’minlash uchun mo‘ljallangan.