TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Mariya Naumenko. O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 23-avgustdan 5-sentabrga qadar bo‘lib o‘tadigan Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etadi. Bu haqda Sputnik muxbiriga respublika Mudofaa vazirligi ma’lum qildi. Vazirlik ishtirokchilar COVID-19 tarqalishi tufayli joriy etilgan barcha sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishini ta’kidladi.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ArMI-2020 da o‘zbekistonlik harbiylar Rossiya hududida bo‘lib o‘tadigan 12 ta musobaqalarda ishtirok etishadi: “Tank biatloni”, “Artilleriya olovi ustasi”, “Zirhlangan tank texnikasi ustasi”, “Musaffo osmon”, “Ot marafoni”, “Xavfsiz yo‘nalish”, “Elburs halqasi”, “Xavfsiz muhit”, “Harbiy ralli”, “Sodiq do‘st”, “Qo‘shin razvedkasi a’lochisi” va “Qurolsoz usta”.
Bundan tashqari, o‘zbek harbiylari ona yurtidagi ikki musobaqalarda ishtirok etishadi. Bu “Harbiy- tibbiy estafeta” va “Yo‘l patruli” musobaqalari. Shuningdek, ular Qozog‘istondagi aloqa bo‘linmalarining “Ishonchli qabul” va Belarusdagi “Merganlar chegarasi” musobaqasida bellashishadi.
Mudofaa vazirligi O‘yinlar davomida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq sanitariya meyorlariga rioya qilinishini qayd etdi. Har kuni musobaqa ishtirokchilarining haroratlari o‘lchanadi. Harbiy xizmatchilar niqob taqib yurishlari shart bo‘ladi. Harbiy qismga kirishda dezinfeksion yo‘lakdan o‘tiladi. Qolaversa, musobaqa tomoshabinlari soni cheklanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu “Armiya-2020” forumi va Xalqaro armiya o‘yinlari pandemiya tufayli bekor qilinmasligini ma’lum qilgan edi.
Rossiya Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari Aleksandr Kanshinning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi O‘yinlarda 28 ta mamlakatdan 190 ta harbiy jamoa qatnashadi. Bir yil oldin bo‘lib o‘tgan musobaqalarda 39 ta mamlakatdan 223 ta jamoa kuch sinashgan edi. Ular orasida Qozog‘iston, Xitoy, Armaniston bor edi. O‘yin musobaqalari 10 ta mamlakat hududida, jumladan, Jizzax viloyatidagi “Forish” poligonida bo‘lib o‘tgandi.
2019 yilda respublika ilk bor O‘yinlarning hamtashkilotchilaridan biri bo‘ldi va “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovini o‘tkazdi.
2019 yilda o‘zbek harbiylari 14 ta yo‘nalishda ishtirok etdi. O‘shanda O‘zbekiston 39 ta mamlakat orasida sharafli beshinchi o‘rinni egallagan edi. O‘zbek harbiylari “Tank biatloni” va “Harbiy-tibbiy estafeta”da oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Bundan tashqari, 4 ta kumush va 5 ta bronza medallariga ega chiqishgan edi.
2020 yilda Xalqaro armiya o‘yinlari oltinchi marotaba o‘tkaziladi. ArMI doirasida 30 ta tanlov tashkil etiladi.