TOSHKENT, 19 iyul — Sputnik. Oʻzbekiston vakillari 54-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida 6 ta medalni qoʻlga kiritdi va umumjamoa hisobida bronza medalga ega chiqdi. Bu haqda Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Butun dunyoda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatni inobatga olib olimpiada 13-18 iyul kunlari onlayn tarzda oʻtkazilgan. Unda dunyoning 27 mamlakati jamoalari ishtirok etgan.
Olimpiadada Oʻzbekiston sharafini 2018-2019 oʻquv yilida Respublika fan Olimpiadasida va qoʻshimcha respublika olimpiadasi gʻoliblari orasidan saralab olingan oʻquvchilar himoya qildi hamda umumjamoa hisobida bronza medalini qoʻlga kiritdi:
- Mirumid Mirakbarov (TPTI AL) (oltin medal);
- Firdavs Sobirov (35-maktab Buxoro shahri) (bronza medal);
- Dilshodaxon Isayeva (TPTI AL) (bronza medal);
- Akobir Narzullayev (49-maktab Buxoro viloyati, Jondor tumani) (bronza medal);
- Rustam Toʻxtaboyev (TPTI AL)(bronza medal);
- Sobirjon Omonov (TDAU AL) (bronza medal);
Joriy yilda oʻquvchilar kimyoviy tajribalarisiz faqat ikkita nazariy bosqichdan oʻtdi. Olimpiada Toshkentdagi prezident maktabida sanitariya- gigiyena hamda karantin qoidalariga qatʼiy rioya etilgan holda tashkil etilgan.
25 iyul kuni Oʻzbekiston terma jamoasi 52-Xalqaro kimyo olimpiadasida qatnashishi rejalashtirilgan.