TOShKENT, 18-iyul - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtda koronavirusga qarshi olib borilgan chora-tadbirlardan keskin noroziligini bildirgach, bugun, 18-iyul shanba kuni poytaht hokimligi matbuot-xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev Toshkent shahrida shu qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan bayonot berdi.
Matbuot-xizmati rahbarining ma’lum qilishicha, bunda Sog‘liqni saqlash tizimining bo‘g‘inlari birma-bir o‘rganilgan. Birinchi navbatda bo‘g‘inlardagi turli zaif nuqtalar belgilab olingan va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rila boshlangan.
Birinchidan: fuqarolarni bezovta qilayotgan har bir holat yuzasidan tibbiyot muassasalarining qisqa raqamlari: "103" orqali tez yordamga murojaat qilishlarida bandlik holatlari bo‘lmasligi choralari ko‘rilgan.
Qo‘ng‘iroqlar intensivligi o‘rganilganida, "103" raqamiga soat 18.00dan 24.00ga qadar ko‘p murojaatlar bo‘lishi aniqlangan. Shu munosabat bilan ish rejimi qayta ko‘rib chiqilib, shu vaqt oralig‘ida eng tajribali operatorlar ishlashlari uchun tanlab olish ishlari amalga oshirilgan. Shu tariqa qo‘ng‘iroq qilish va ulanish vaqtlarini qisqartirishga erishilgan.
Bundan tashqari, yaxshi ishlagan va o‘z vazifasiga sidqidildan yondashayotgan operatorlarni rag‘batlantirish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. (har bir qabul qilingan va sifatli qayta ishlangan qo‘ng‘iroq uchun 1500 so‘m, yana 500 so‘m - a’lo muomala uchun).
"Tez yordam" brigadasi 15 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda yetib borishi choralari ko‘rilgan.
"Yaxshi ishlagan brigadalar uchun ham rag‘batlantirish tizimi qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda", - dedi Mahmudxo‘jayev.
Shu kunni ichida 25ta "Damas" rusumli avtomobillar joylarga yetqazib berilgan.
Ikkinchidan: Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida jami 423ta bo‘sh ish o‘rinlari malakali mutaxassis bilan zudlik bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Uchinchidan: Toshkent shahridagi 42ta kasalxonalarda shaxsiy himoya vositalari bo‘yicha ehtiyojlar o‘rganilgan. Unga ko‘ra, 70 ming dona tibbiy niqoblar, 70 mingta tibbiy kombinezonlar, 150 mingta tibbiy qo‘lqoplar, 3 mingta tibbiy ko‘zoynaklar, 5 mingta tibbiy bosh kiyim, 200 ming baxila ularning 1 haftalik ehtiyoji uchun oldindan yetkazib berilgan.
Bundan tashqari, tibbiyot anjomlaridan 40ta IVL, 120ta bolalar va 80ta kattalar uchun sipap apparatlari kasalxonalarga tarqatilgan.
To‘rtinchidan: tumanlar sanepid osoyishtaligi markazlariga 2tadan (jami 22ta), shahar markaziga 1ta, ruhiy kasalliklar shifoxonalariga 2ta, jami 25ta "Damas" rusumli avtomobillar yetqazib berilgan.
Yuqoridagi harajatlar uchun poytaxt budjetidan jami 22,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Beshinchidan: uch oylik eng zarur dori-darmon vositalari zaxirasini shakllantirish uchun talab etiladigan 30 milliard so‘mdan dastlabki 15 milliard so‘mi "Dori-darmon" tashkiloti hisob raqamiga o‘tkazilgan.
Oltinchidan: Toshkent shahrida joylashgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va markazlari rahbarlari bilan suhbat o‘tkazilib, ularda faoliyat yuritayotgan 284 nafar xodimlarni uy sharoitida davolanayotgan bemorlarni holatidan xabar olishga jalb etish bo‘yicha kelishilgan.
Yettinchidan: shahardagi dori-vositalarini ishlab-chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilari bilan uchrashib, ularning litsenziyalash, bojxona, kredit va boshqa muammolari hal etilmoqda.
Sakkizinchidan: ehtiyojmand oilalardan 1197 qisqa raqamiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha bugunga qadar 5802ta oilaga mahsulot yetkazib berilgan.
To‘qqizinchidan: Toshkent shahar hokimi 16-iyul kuni koronavirus bilan kasallanganlar davolanayotgan Shayhontohur tumanidagi Ibn-Sino nomidagi 1-son shahar kasalxonasiga borib, holat bilan tanishganidan so‘ng, bemorlarni ovqatlantirish tizimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritilgan. Bundan buyog‘iga, Toshkentdagi koronavirusga qarshi davolanayotgan fuqarolarning xonadonlaridan kasalxonalarga ovqat olib kelishni cheklash, ovqat sifatini oshirish maqsadida har bir kasalxonada Yuqorichirchiqdagi karantin zonasida amalga oshirilayotgan tizimni yo‘lga qo‘yishga masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Toshkent shahri bo‘yicha jami kasalxonalarda 2358ta koyka-zaxirasi shakllantirilgan.