korona*TOShKENT, 18-iyul - Sputnik. Madaniyat vazirligining 32 yoshli xodimi - Akmal Irisov koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda vazirlik o‘zining telegramdagi kanalida e’lon qildi.
Xabarda aytilishicha, Irisov 1988-yilda Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilgan. Shu paytgacha u Madaniyat vazirligining Iqtisodiy tahlil, moliya va buxgalteriya boshqarmasi bosh mutaxassisi lavozimida ishlab kelgan.
"Shifokorlar tomonidan unga o‘tkir nafas yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya, COVID-19 tashxislari qo‘yilgan.
Madaniyat vazirligi tomonidan uning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etib, chuqur hamdardlik bildiramiz", - deyiladi xabarda.
Sal oldin O‘zbekiston IIVning uchinchi xodimi koronavirus tufayli vafot etganligi haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirganlar soni 15 896 nafarga yetgan. 80 kishi qurbon bo‘lgan.