TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. Yangi turdagi koronavirus bilan zararlanganlar soni dunyo bo‘yicha 14 milliondan oshdi, 600 mingdan ziyod odam virus qurboniga aylandi, deb xabar bermoqda Jons Xopkins universiteti.
OAV va boshqa ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarni umumlashtirib boradigan universitet axborotiga ko‘ra, Moskva vaqti bilan 3.18gacha olingan ma’lumotlarda dunyoda koronavirusni yuqtirganlar soni 14 037 021 nafarga yetgani ma’lum bo‘lgan. Shundan 600 665 kishi COVID-19 qurboniga aylangan. Shu vaqtgacha 7 818 409 kishi sog‘aygan.
Eslatib o‘tamiz, 18-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 15 896 kishiga yetdi.
Yangi kasallanish holatlari(289 nafar)ning 38 nafari Karantin markazidagi (xorijdan kelgan) fuqarolar orasida, 52 nafari Sirdaryo viloyati, 98 nafari Toshkent shahrida, 40 nafari Andijon viloyatida, 20 nafari Samarqand viloyatida, 19 nafari Jizzax viloyatida, 9 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida, yana 9 nafari Namangan viloyatida hamda 4 nafari Navoiy viloyatida fuqarolar orasida aniqlangan.
O‘zbekistonda 9003 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (57 %) sog‘aygan. 6813 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. Ulardan 70 nafari og‘ir, 11 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
80 nafar bemor infeksiya qurboniga aylandi.
Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi turdagi koronavirus infeksiyasi - COVID-19 tarqalishini pandemiya, deb e’lon qilgan edi.