TOShKENT, 17-iyul - Sputnik. O‘zbekiston COVID-19 koronavirusi pandemiyasi tufayli Rossiyaga gaz eksportini butunlay to‘xtatdi, Xitoyga esa gaz eksportini uch baravar kamaytirdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilindi, deb xabar beradi “O‘zbekiston 24” telekanali.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tabiiy gazning Xitoyga eksporti uch baravar kamaytirildi, Rossiyaga esa butunlay to‘xtatildi.
“Davlatimiz xom ashyoni chuqur qayta ishlash va monetizatsiya qilish yo‘lidan ketmoqda. Import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hisobiga iqtisodiy samaradorlikni oshirish choralari ko‘rilmoqda”, - deb xabar berishdi prezident matbuot xizmatida.
Yig‘ilishda, shuningdek, davlat rahbari video-aloqa orqali neft-gaz va kimyo, elektrotexnika va farmatsevtika sanoatidagi yangi loyihalar bilan tanishdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2019-yilda gaz eksportini 2018-yilga nisbatan 15 foizga oshirishni rejalashtirgan. Eksport tarkibida o‘zbek gazini Xitoyga yetkazib berish hajmi qariyb 10 milliard kubometrni, Rossiyaga to‘rt milliard kubometrni tashkil etadi, qolgan qismi Markaziy Osiyoning qo‘shni mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Joriy yil uchun gaz eksporti prognozlari oshkor qilingani yo‘q. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilda O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish 2018-yilga nisbatan 1,6 foizga kamayib, 59,46 milliard kubometrni tashkil etdi, bu yilda qazib olishni 7,2 foizga, 63,8 milliard kubometrgacha oshirish rejalashtirilmoqda.