TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. O‘zbekistonlik istiqbolli futbolchi Oston Urunovga Rossiyaning yetakchi futbol klublari qiziqish bildirmoqda, deb yozadi Sport24.
19 yoshli futbolchi “Ufa” jamoasida ushbu yilning fevral oyidan boshlab to‘p surmoqda. O‘tgan davr mobaynida Urunov o‘zining juda samarali futbolchi sifatida namoyish etdi.
Rossiyalik futbol ekspertlari fikriga ko‘ra, Urunov ham himoyada, ham hujumda, maydonning istalgan qismida juda faol harakat qilishga qodir. Undan tashqari Ostonning barcha harakatlari jamoa foydasiga qaratilgan. Ustiga ustak, futbolchi ham yosh, ham gavdali (190sm, 85kg) ham juda tez ekani qayd etilgan.
Ayni damda “Ufa” legioneriga Rossiyaning eng boy va yetakchi klublari qiziqish bildirmoqda. Bular “Zenit”, “Lokomotiv” va “Spartak” jamoalaridir. Undan tashqari ushbu jamoalar qatoriga “Krasnodar” klubi ham qo‘shilishi mumkin, chunki Urunov aynan shu jamoada uzoq vaqt shug‘ullangan.
Futbol ekspertlari Urunovning “Zenit” jamoasida to‘p surishiga shubha bilan qarashmoqda. Nega deganda jamoa tarkibida allaqachon 8 nafar xorijiy futbolchi bor. Urunov kelishi uchun ulardan biridan voz kechish kerak bo‘ladi. Lekin “Zenit”ning ulkan moliyaviy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, ular Urunovni boshqa jamoaga ijaraga berish uchun sotib olishlari mumkin.
Ayni damda Urunov uchun eng istiqbolli jamoa “Spartak” deyilmoqda. Chunki ushbu jamoaga hozir turnir tablitsasida yuqoriga ko‘tarilish juda ham zarur. Ikkinchidan jamoaga ayni damda “Ufa”ning sobiq murabbiyi rahbarlik qilmoqda va "Ufa"dan yaxshi o‘yinchilarni birin-ketin taklif qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Ufa” futbol klubi 19-yoshli O‘zbekistonlik sportchi bilan 5-yillik shartnoma imzolagan. Shartnoma qiymati 150 ming dollar.
Quyida "Ufa" - "Lokomotiv" o‘yini davomida rossiyalik sharhlovchilar bir ovozdan Oston Urunovning harakatlaridan qanday hayratga tushganinini tomosha qilish mumkin.