TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. COVID-19 ga qarshi ijtimoiy masofani saqlash bo‘yicha ogohlantiruvchi Self-Safety mobil ilovasi yaratildi.
Ilova Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda yaratilgan.
“Ilova mobil telefonning GPS va Bluetooth modullari yordamida foydalanuvchilardan birida kasallik aniqlansa, bir daqiqa ichida barcha foydalanuvchilarni 5 metr radiusda kesishgan nuqtalarini solishtiradi. Kesishuv nuqtalari aniqlangach, mazkur joylarda 5 metrli radiusda bo‘lgan barcha foydalanuvchilarga PUSH-xabarnoma ko‘rinishida kasal bilan aloqada bo‘lganlik ehtimoli to‘g‘risida va keyingi xatti-harakatlar bo‘yicha tavsiyalar beradi”, - deyilgan SSV xabarida.
Mobil ilova Android va iOS platformalarida mavjud. Ro‘yxatdan o‘tishda ilova GPS va Bluetooth modullarini yoqib qo‘yish lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda koronavirus bemori bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlovchi “Birga Yengamiz” nomli ilova yaratilgani xabar qilingan edi.