TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Ozarbayjon-Armaniston chegarasida insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan vaziyatdan jiddiy tashvishda ekanligini bildirdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida qayd etilishicha, mazkur hududdagi holatning yanada keskinlashishi tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishiga olib kelishi, MDH hududidagi muhim iqtisodiy aloqalar va kommunikatsiyalarni buzishi, mintaqaviy xavfsizlikka zarar yetkazishi mumkin.
“O‘zbekiston tomonlarning o‘ta sabr-toqatli bo‘lishi tarafdori va holatni barqarorlashtirish hamda mazkur vaziyatdan chiqish uchun siyosiy-diplomatik muzokaralarga chaqiradi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Armaniston-Ozarbayjon chegarasida harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga va vaziyatni barqarorlashtirishga chaqirgani xabar qilingan edi. Shuningdek, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) tomonlarni zudlik bilan chegarada o‘t ochishni bas qilishga chaqirgan.