TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Mart va aprel oyida qulagan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi tiklana boshladi. Bundan O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlari darak bermoqda.
Qayd etilishicha, yil boshidan beri mamlakatda qabul qilingan pul o‘tkazmalari hajmi 2,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 156 mln dollarga yoki 6 foizga kam.
Yanvar oyida O‘zbekistonga 400 mln dollar, fevral oyida esa 385 mln dollar jo‘natilgan. Pandemiya boshlanishi bilan o‘tkazmalar hajmi keskin qisqargan: mart oyida pul o‘tkazmalari 296 mln dollargacha, aprelda 250 mln dollarchaga kamaydi.
May oyida esa pul o‘tkazmalari hajmi tiklana boshladi - 485 mln dollar yuborilgan. Iyunda O‘zbekistonga 621 mln dollar yuborilgan
Xuddi shu davrda 427 mln dollar chet elga yuborilgan. Bu o‘z navbatida 2019-yilning birinchi yarmidan 40 mln dollar yoki 9 foizga kam.