TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) Armaniston va Ozarbayjonni zudlik bilan chegarada o‘t ochishni bas qilishga chaqirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, KXShT kotibiyati Armaniston va Ozarbayjon qurolli kuchlari bo‘linmalarining qurolli to‘qnashuvidan so‘ng ikki mamlakat chegarasidagi yuzaga kelgan keskin vaziyat sabab jiddiy xavotirda ekanini bildirgan.
“Yuzaga kelgan vaziyat ikki davlat chegarasidagi, ulardan biri Armaniston Respublikasi KXShT a’zosidir, vaziyatni normallashtirishga ko‘maklashmaydi. Armaniston va Ozarbayjon rahbariyati darajasida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvlar buzilganidan dalolat beradi”, - deyilgan xabarda.
Tashkilot tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni bas qilishga chaqirgan va halok va jarohatlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.
12 iyul kuni Ozarbayjonning Armaniston bilan chegarasidagi Tovuz tumanida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston Qurolli kuchlari o‘t ochganini ma’lum qildi. Armaniston Mudofaa vazirligi esa Ozarbayjon tomoni tayanch punktini egallab olishga uringanini ta’kidladi. Jang oqibatida ikki tomon harbiylari qurbon bo‘lgan, jumladan, ozarbayjonlik general-mayor.