TOShKENT, 9-iyul - Sputnik. Koronavirus infeksiyasiga chalingan afg‘onistonlik 40 yoshli bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Xabarga ko‘ra, Afg‘oniston davlati fuqarosi 40 yoshli M.H. (erkak)ni 2-3 kun davomida yo‘tal va tana harorati ko‘tarilishi bezovta qilgan.
21 iyun kuni tez tibbiy yordam chaqirtirilib, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Bemorga “SOVID-19”, ikki tomonlama pnevmoniyaning o‘ta og‘ir kechishi, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, yurak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.
Shifoxonada bemor bir necha marta mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni ularning tavsiyasi asosida olib borilgan.
"Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi", - deyilgan xabarda.
O‘zbekistonda kuni kecha, 8-iyul kuni, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 11 092 nafarga yetdi.
Respublika Maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi tufayli karantin choralari keskin kuchaytiriladi.
Respublika hududida 10-iyuldan 1-avgustga qadar karantin choralari keskin kuchaytiriladi: avtotransport harakati va yirik jamoat obyektlari faoliyati cheklanadi.