TOShKENT, 9-iyul — Sputnik, Yelizaveta Isakova. O‘rtacha yillik global harorat keyingi har besh yilda 1850-1900 yillardagi sanoat darajasigacha bo‘lgan haroratdan kamida 1°C yuqori bo‘ladi va yiliga 1,5°C dan oshishi mumkin, deyiladi Jahon meteorologik tashkiloti (JMT) tomonidan payshanba kuni e’lon qilingan yangi iqlim prognozida.
JMT ekspertlari ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzidagi o‘rtacha temperatura sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan 1°S yuqori. Xususan, so‘nggi besh yillik davr eng issiqligi bilan ajralib turadi.
"Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki - bizning oldimizda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimi maqsadlariga erishish bo‘yicha murakkab vazifalar turibdi: ushbu yuz yillikda global harorat ko‘tarilishini sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan 2 °S dan pastroq darajada ushlab turish va haroratning ko‘tarilishini bundan keyin ham - 1,5°S darajasida cheklash harakatlarini davom ettirmog‘imiz lozim", - dedi tashkilot bosh kotibi Petteri Taalas.
JMT prognozi COVID 19 pandemiyasi natijasida issiqxona gazlari va aerozollarning atmosferaga tashlanmalari tufayli yuz bergan o‘zgarishlarni hisobga olmagan.
"JMT bir necha bor ta’kidlaganidek, COVID 19 pandemiyasi tufayli sanoat va iqtisodiy pasayish iqlim sohasida barqaror va muvofiqlashtirilgan harakatlar o‘rnini bosmaydi. CO2ning atmosferada uzoq turishi tufayli, joriy yilgi tashlanmalarning pasayishi global iqlim oshishining asosiy sababchisi hisoblangan CO2 konsentratsiyasining atmosferada pasayishiga olib kelmaydi", — dedi Taalas.
Uning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 jahon iqtisodiga salbiy ta’sir ko‘rsatganiga qaramay, davlatlar imkoniyatdan foydalanishlari va pandemiyadan so‘ng o‘z qayta rivojlanish dasturlariga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha choralarni kiritmoqlari lozim.