TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda imtihonsiz oliy ta’lim muassasasiga grant asosida o‘qishga kirishga taklif qilingan yolg‘on xabarlar tarqatilmoqda.
Unda Toshkent shahridagi “MEI” universitetiga qabul boshlangani hamda talabgorlar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi haqida ma’lumot berilgan.
Ushbu holat yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bayonot berdi.
“Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasman shuni ma’lum qiladiki, O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalariga qabul belgilangan tartib bo‘yicha, kirish imtihonlari asosida amalga oshiriladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda jami 121 ta, shundan 91 ta mahalliy, 22 ta xorijiy va 8 ta nodavlat oliy ta’lim muassasasi qonuniy faoliyat yuritadi. Mazkur oliy ta’lim muassasalarining qabul jarayonlariga oid rasmiy xabarlar vazirlik tomonidan keng jamoatchilikka havola qilinadi.
Abituriyentlar va ularning ota-onalaridan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan har qanday xabarlarga ishonib qolmaslikni, axborotlarni rasmiy manbalar orqali tekshirib ko‘rishni tavsiya qilamiz”, - deyilgan xabarda.