TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. Vadim Abramov murabbiyligi ostidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda Eronga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar qilmoqda.
“Eron Islom Respublikasi futbol federatsiyasi bilan kelishgan holda, ushbu uchrashuv 7-sentabr kuni “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tishi belgilandi”, - deyilgan xabarda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2022 va Osiyo kubogi-2023 qo‘shma saralash bosqichidagi qoldirilgan uchrashuvlarni oktabr va noyabr oylarida o‘tkazadi. Ushbu bahslar oldidan MTJ uchun sentabr oyida Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 4-sentabr kuni O‘zbekiston va Tojikiston milliy terma jamoalarining o‘rtoqlik o‘yini rejalashtirilgani xabar qilingan edi.