TOShKENT, 8-iyul - Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi tufayli karantin choralari keskin kuchaytiriladi. Bu haqida Respublika Maxsus komissiyasi xabar qilmoqda.
Xususan, 2020-yil 10-iyuldan 1-avgustga qadar respublika miqyosida:
- avtotransport vositalarining harakati cheklandi;
- davlat organlari va tashkilotlarining asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqarilishi, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etilishi belgilandi;
- davlat organlari, tashkilotlar va korxonalarda yig‘ilishlar o‘tkazish taqiqlandi, zarur hollarda yig‘ilishlarni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish belgilandi;
- hududlar o‘rtasida avtotransport vositalari qatnovi taqiqlandi (qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tashkilotlarga tegishli xizmat va shaxsiy avtotransport vositalarining harakati bundan mustasno);
- tomosha, madaniy-ko‘ngilochar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlandi;
- to‘y hamda boshqa oilaviy marosimlarni o‘tkazish taqiqlandi;
- 65 yoshdan oshgan shaxslarning jamoat joylarida, shuningdek, aholining ko‘chalarda va maydonlarda uch kishidan ortiq bo‘lib harakatlanishi cheklandi.
Undan tashqari quyidagi jamoat obyektlar faoliyati to‘xtatildi:
- parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar;
- buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar;
- sport zallari, fitnes klub, trenajer va basseynlar;
- tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv kurslari va har qanday to‘garaklar;
- umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) (yetkazib berish (keytering) xizmati bundan mustasno);
- sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar va boshqa dam olish maskanlari;
Shuningdek, xalqaro aviaqatnovlar va yuk tashuvlar uchun yangi tartiblar belgilandi:
- xalqaro aviaqatnovlar xorijiy davlatlardagi epidemiologik vaziyatni tahlil qilgan holda ikki baravarga qisqartiriladi;
- xalqaro yuk tashuvlarni amalga oshiradigan avtotransport vositalari xaydovchilari majburiy tartibda koronavirus infeksiyasini aniqlash bo‘yicha test topshiradi.
Lekin ayrim sanoat va yirik qurilish obyektlari faoliyatini davom ettirishiga quyidagi shartlar asosida ruxsat beriladi:
* tegishli obyektlar hududi to‘liq karantinga olinadi;
* obyektlar hududida sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etilishi ta’minlanadi;
* sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bilan birgalikda tegishli obyektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlari amalga oshirib boriladi;
* obyektlarga kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar, dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash;
* xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritilishini ta’minlash.