TOShKENT, 7-iyul - Sputnik. Pxenyan Vashington bilan muzokaralar olib bormoqchi emas. Bu haqda KXDR TIVning AQSh ishlari bo‘yicha vakili Kvon Chjon Gin ma’lum qildi, deya yozadi Shimoliy Koreya markaziy telegraf agentligi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Shimoliy Koreya TIV avvalroq KXDR-AQSh sammiti haqidagi “bevaqt” mish-mishlarga nisbatan o‘z pozitsiyasini aniq bayon qilgan. Tashqi siyosiy idora bayonotida AQSh KHDRga nisbatan “qasddan qat’iy g‘arazli siyosatni” qo‘llayotgani, hech qanday yangi shartlarni taklif qilishga tayyor emasligi va ushbu mavzuni ichki siyosiy inqirozni hal qilish uchun ishlatayotgani, shuning uchun Shimoliy Koreya yuqori darajadagi muzokaralarda ehtiyoj sezmayotgani va ehtimoliy sammit haqidagi xabarlardan hayratda ekanligi aytilgan.
“Biz AQSh bilan yuzma-yuz uchrashish niyatimiz yo‘qligini yana bir bor ochiqchasiga ta’kidlaymiz”, - deyilgan bayonotda.
Avvalroq, koreyslararo munosabatlar keskinlashganidan so‘ng, turli mamlakatlarning OAVlari va ekspertlari, shuningdek, ba’zi rasmiylar Shimoliy Koreya va AQSh o‘rtasida sammit o‘tkazish zarurligini va hatto mumkinligini ham ta’kidlashgan. Sammitni AQSh prezidentlik saylovlarigacha o‘tkazish umidini Janubiy Koreya yetakchisi Mun Chje In bildirdi. Shuningdek, 7-9 iyul kunlari AQShning KXDR bo‘yicha maxsus vakili Stiven Bigan Janubiy Koreyaga tashrif buyurishi kutilmoqda.
AQSh va KXDRning tarixda birinchi sammiti 2018-yil 12-iyun kuni Singapurda bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘rtasida yana ikkita uchrashuv bo‘lib, ulardan biri Pxanmunjomdagi qurolsizlantirilgan hududda bo‘lib o‘tdi.