TOShKENT, 4-iyul - Sputnik. Koronavirus infeksiyasiga chalingan toshkentlik bemor o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Joriy yilning 1-iyul kuni poytaxtda yashovchi 65 yoshli V.M. (erkak kishi) o‘ta og‘ir ahvolda Ibn Sino nomidagi 1-son shahar klinik shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilib, sun’iy nafas olish apparatiga ulangan.
Unga gipertoniya kasalligi, ateroskleroz, bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi (insult)ning ikkinchi bor qaytalanishi (birinchi holat 2020-yil iyun oyida yuz bergan), gemorragik insult tashxisi qo‘yilgan.
Bemorga Sog‘liqni saqlash vazirligining qator yo‘nalishlari bo‘yicha bosh mutaxassislari va Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokorlari tomonidan konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazorati ta’minlangan.
Joriy yilning 3-iyul kuni shifokorlar tomonidan standart asosida ko‘rsatilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.
Shu paytga qadar O‘zbekistonda koronavirus bilan bemorlanganlar soni 9,5 mingga yetgan.
Amerikaning Jon Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda pandemiya vaqtida koronavirus bilan bemorlanganlar soni 11 milliondan oshib ketgan, COVID-19 oqibatida 524 614 kishi vafot etgan.