Tutu.ru sayohat va safarlar servisi analitika markazi so‘rov o‘tkazdi va Moskva aholisi faol ravishda Simferopol, Anapa, Sochi va Mineral suvlarga chipta xarid qilishayotganini aniqladi. Iyun oyida chet elga chiqish uchun aviachiptalarga talab nisbatan oshgan. Chiptalar eng ko‘p O‘zbekiston, Moldaviya, Armaniston va Belarusga xarid qilingan.
"Delfin" turistik kompaniyasi bosh direktori Sergey Romashkinning so‘zlariga ko‘ra, Tutu.ru servisida chiptalarni ko‘proq sayyohlar emas, balki mehnat migrantlari xarid qilmoqda. U boshqa davlatlar fuqarolari ham chegaralar ochilgach, o‘z mamlakatlariga qaytishdan umidvor ekanliklarini qayd etib o‘tdi.
"Meni nazarimda, 2020-yil ichki turizm yili bo‘ladi, shu bois joriy yilda MDH mamlakatlari, Rossiyaga yaqin yoki chegaradosh bo‘lgan davlatlar bilan aviatashuvlarni tiklash haqida gapirishga hali erta", - dedi Romashkin Sputnik O‘zbekiston bilan suhbatda.
Ekspert shuningdek, chiptalarga bo‘lgan talab o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga qaraganda ikki baravar ko‘pligiga e’tibor qaratdi.
U bu vaziyatni paradoksal deb biladi, negaki ko‘plab turistlar daromaddan mahrum bo‘lgan va ishsiz qolgan.
Romashkinning fikricha, hozirda ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari mavjud, boshqa davlatlarga sayohat borasida esa bunday deb bo‘lmaydi.