TOShKENT, 2-iyul - Sputnik. Shahrisabzda II maqom san’ati anjumani o‘tkaziladi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekistonga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Asror Allayarov.
Xalqaro tadbir joriy yilning 5-10 sentabr kunlari "Festivallar shahri" – Shahrisabzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston bosh vazirining 30-iyundagi II Xalqaro maqom san’ati anjumaniga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita majlisi o‘tkazilib, yig‘ilish bayoni tasdiqlandi.
Unda ushbu nufuzli anjumanning ikkinchi marotaba o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish, xorijiy ishtirokchilarni yanada ko‘proq jalb etish va ularga maqom san’ati to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot berish, anjuman geografiyasini yanada kengaytirish zarurligi, ishtirokchilarni o‘zbek boy madaniy merosi, san’ati, urf-odatlari bilan yaqindan tanishtirish masalalari muhokama qilindi.
Ayni paytda Shahrisabzda ushbu nufuzli anjumanni yuqori saviyada tashkil etish uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.
Anjumanni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy guruh shakllantirilib, tegishli tashkilotlarga bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan.
Eslatib o‘tamiz I xalqaro maqom san’ati anjumani 2018-yilning 6-10 sentabr kunlari Shahrisabz shahrining tarixiy markazida o‘tkazilgan bo‘lib, unda jahonning 75 mamlakatidan yakkaxon xonandalar, folklor jamoalari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etgandi.
,