TOShKENT, 2-iyul - Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston transport vazirlari - Elor G‘aniyev va Janat Beyshenov telefon orqali muloqot qildilar, deb xabar bermoqda transport vazirligi matbuot-xizmati.
Muloqot davomida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini jadallashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan. Xususan, barcha tomon uchun muhim bo‘lgan ushbu loyihani amalga oshirishda yo‘nalish marshrutini tanlash, texnik va moliyaviy shartlar bilan bog‘liq aniq masalalarni muhokama qilish uchun videokonferensiya aloqa shaklida uchrashuv o‘tkazish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.
Kelgusi haftada, Xitoy tomoni bilan kelishilgan holda loyihaning amaliy masalalarini hal qilishni tezlashtirish yuzasidan vazirlar darajasida navbatdagi onlayn uchrashuvni o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga muloqot davomida Markaziy Osiyo va Osiyo – Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo aloqalarini oshirishda muhim bo‘lgan Lyanyungan – Lanchjou – Qashg‘ar – Irkeshtom – O‘sh – Andijon multimodal transport yo‘lagidan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari ham muhokama qilingan.
Muloqot yakunida tomonlar Xitoy shaharlari, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bo‘ylab harakatlanayotgan, Xitoyning Irkeshtom shahridan O‘sh temiryo‘l stansiyasigacha yuklarni konteynerda yetkazish va bu yerda blok-poyezdlarni shakllantirgan holda so‘nggi manzilga yuk yetkazib berish zanjirining uzilishlarsiz faoliyat yuritishini tashkil qilish, transport vositalarining to‘siqlarsiz o‘tishini ta’minlashga kelishilgan.