TOShKENT, 1-iyul - Sputnik. Prezident Vladimir Putin Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha umumrossiya ovoz berishida ishtirok etdi.
Putin Rossiya Fanlar akademiyasida joylashgan 2151-saylov uchastkasiga keldi, u bu yerda odatda turli darajadagi saylovlarda ovoz beradi.
Prezident saylov uchastkasida soat 10:57 da paydo bo‘ldi va ichkariga kirdi. U yerda u pasportni ko‘rsatdi va saylov komissiyasining a’zosi uni saylovchilar ro‘yxatida belgilab qo‘ydi va imzo qo‘yish uchun bir martalik ruchkadan foydalanishni taklif qildi.
Shundan so‘ng, Putin bulletenni oldi va saylov kabinkasiga bordi, so‘ng saylov bulletenlarini qayta ishlash majmuasiga buletenini tushirdi.
Keyin prezidentga barcha saylovchilarga beriladigan to‘plam berildi, uning ichida ruchka, ko‘krak nishoni, braslet, kalendar va “Million prizov”dasturi chiptasi mavjud bo‘lib, unda tovarlar va xizmatlar haqini to‘lash uchun sertifikat yutib olish imkoniyati bor.
Prezident niqobsiz va qo‘lqopsiz keldi. Ovoz berishdan oldin binolar dezinfeksiya qilindi.
Bugun, 1-iyul - Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha umumrossiya ovoz berishining asosiy kuni. Avvaliga u 22-aprel kuniga belgilangan edi, ammo keyinchalik koronavirus epidemiyasi sababli qoldirilgan.
Keyinroq Putin yangi ovoz berish sanasini e’lon qildi. Epidemiologik vaziyatni va rossiyaliklarning xavfsizligini ta’minlash zarurligini hisobga olib, ovoz berishni hafta davomida - 25-iyundan 1-iyulgacha o‘tkazish qaror qilindi. Ikki mintaqa - Moskva va Nijniy Novgorod viloyati aholisi uchun onlayn ovoz berish tashkil etildi.
Kuni kecha Markaziy saylov komissiyasi ovoz berishda 49,6 million saylovchi, shu jumladan masofaviy ovoz berishganini ma’lum qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugun soat 12.00 ga mamlakat bo‘ylab ovoz beruvchilarning o‘rtacha ishtirok etishi 57,43 foizni tashkil etdi.