TOSHKENT, 28 iyun — Sputnik. “Respublikada qoʻlda toʻqilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga ular tomonidan qoʻlda gilam toʻqishga ixtisoslashgan hunarmandlar va tashkilotlarga sotilgan har bir kilogramm “merinos” zotli qoʻy va “angor” zotli echkilarning juni uchun 2 ming soʻmdan subsidiyalar ajratiladi. Bunda, subsidiya berish “Oʻzbekchorvanasl” agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
“Merinos” zotli qoʻy va “angor” zotli echkilarni haydab boqish, junni qayta ishlash, boʻyash va qoʻlda gilam toʻqish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun loyiha tashabbuskorlariga bir vaqtning oʻzida kompensatsiya bilan birgalikda kafillik ham beriladi.
Qoʻlda toʻqilgan gilamlarni eksport qilishda avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi tatbiq etiladi.
Qarorga koʻra, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida “merinos” zotli qoʻy va “angor” zotli echkilar yetishtirish xoʻjaliklariga tegishlicha yaylov yer maydonlari ajratiladi.
2021 yil 1 yanvarga qadar togʻoldi yaylovlar uchun qurgʻoqchilikka chidamli ozuqa ekinlarning birlamchi urugʻchiligi tashkil etiladi.
2020 yil 15 iyuldan boshlab “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qoʻlda gilam va ipak mato toʻqish bilan shugʻullanuvchilarga gilam va ipak mato toʻqish dastgohini xarid qilish uchun xarajatlarga – har bir dastgoh uchun BHMning 10 baravari (2 mln 230 ming soʻm) miqdorida subsidiyalar ajratiladi.
2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marta oktyabr oyida Toshkent shahrida sharqona qoʻlda toʻqilgan gilamlar (Hand-made Oriental Carpets) xalqaro festivali oʻtkaziladi.
2020 yil yakuniga qadar Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida turistlar tashrif buyuradigan madaniy meros obʼyektlari hududlarida qoʻlda toʻqilgan gilamlar koʻrgazma-savdo rastalari (doʻkonlari) tashkil qilinadi.
Shuningdek, “gilam tarixi” (“The history of carpet”) QR-kodlar boʻyicha har bir gilamning toʻqilish jarayoni, chevar xotin-qizlar va ularning ishlash sharoiti hamda shu kabi maʼlumotlarni oʻzida mujassam etgan mobil ilovalar ishlab chiqiladi.