TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Moskvadan O‘zbekistonga qaytish aviachiptasi narxini ko‘targani, chiptalar hatto 700 dollardan ortiq narxlarda sotilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov ushbu masala yuzasidan izoh berdi.
“Dastlab O‘zbekiston fuqarolarini xorijdan olib kelish uchun charter reyslar uchun aviachiptalar narxi minimal tarifdan oshmasligi belgilangan edi. 2020-yilning aprel-may oylarida O‘zbekistonga parvoz uchun chiptalarni minimal tariflarda sotish moliyaviy zararga olib keldi. Chunki yo‘lovchilarni tashish faqat qaytish yo‘nalishida bir tomonga amalga oshirilishini hisobga olgan holda, chiptalarni minimal tariflar bo‘yicha sotish ikki yo‘nalishdagi reyslarning xarajatlarini qoplamaydi. Shunday bo‘lsada aviakompaniya tomonidan 2020-yilning 23-mayiga qadar amalga oshirilgan reyslarga chiptalar minimal tariflar bo‘yicha sotilgan.
“Moskva-Toshkent” yo‘nalishi uchun chiptalar narxi aprel–may oylarida 148 AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yilning 23-mayidan 1-iyuniga qadar 204 AQSh dollarini, 1-iyundan 7-iyunga qadar 289 AQSh dollarini, 8-iyundan 21-iyunga qadar 322 AQSh dollarini tashkil etgan.
Narxlar oshib borgan bo‘lsada, ularning 700 AQSh dollaridan oshib ketgani bo‘yicha ma’lumotlar asossiz”, - deb ta’kidladi aviakompaniya vakili.