TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. Ayrim turoperatorlarga avtomobil import qilishda imtiyoz berildi. Bu prezidentning “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilagan.
“Buxoro, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ro‘yxatga olingan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ushbu hududlarda xizmat ko‘rsatish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona bojini amaldagi stavkaning 50 foizi miqdorida, qolgan qismini olib kirilgan sanadan boshlab 3-yil davomida to‘lashga ruxsat etilsin”, - deyilgan qarorda.
Ushbu avtomobillarga davlatning ro‘yxatga olish raqam belgilarining alohida seriyalari beriladi va ulardan tegishincha faqat Buxoro, Navoiy va Surxondaryo viloyatlari hududida foydalanishga ruxsat etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekspertlar 1-avgustdan aksiz solig‘i bekor qilinishi va utilizatsiya yig‘imlarining joriy qilinishi yuzasidan kutilayotgan narxdagi o‘zgarishlarni hisob-kitob qilib chiqishgani xabar qilingan edi. Hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonda import qilingan yengil avtomobillarning narxi 1549 dollardan 6740 dollarga pasayishi kutilmoqda.